Batahqiq, ulardan oldingilar ham makr qildilar. Ammo, barcha makrlar Allohning (ilkidadir). U har bir jon nima qilishini biladir. Yaqinda kofirlar oqibat diyori kimga bo`lishini bilajaklar. Ar-Ra'd 13:42 ⧉
Tafsir:
Oldingi oʻtgan ummatlar ham oʻz paygʻambarlariga makr qildilar. Ular olib kelgan haqni tan olmadilar. Xoʻsh, shuncha makr-hiylalari bilan nima qila oldilar? Hech narsa. Chunki hamma hiylalari Allohning qoʻlidadir. Faqat Allohning tadbirigina ish beradi. Shuningdek, Alloh taolo har bir jonning nima qilayotganini bilib turadi va oʻshanga yarasha jazo yoki mukofotini beradi. Ana shunda Allohga iymon keltirmay, katta xatoga yoʻl qoʻyganlar oʻzlarining qanchalar mudhish xatoni qilib qoʻyganlarini, moʻminlar esa goʻzal oqibatga, jannatga noil boʻlib, qanchalar toʻgʻri ish qilganlarini bilib oladilar.