Ana o`shalarning qalblari, quloqlari va ko`zlariga Alloh muhr bosgandir. Ana o`shalar g`ofillardir. Nahl 16:108 ⧉
Tafsir:
Oldin moʻmin boʻlib, keyin dindan qaytgan, murtad boʻlgan kimsalar haqiqiy badbaxtlardir. Alloh ularning qalblarini muhrlab qoʻygan. Endi ularga nasihat kor qilmaydi. Alloh ularning quloqlarini ham muhrlab qoʻygan. Endi ularga foydali gaplar kirmaydi. Alloh ularning koʻzlarini ham muhrlab qoʻygan. Endi ular iymonga dalolat qiladigan oyat-alomatlarni koʻra olmaydilar. Ana oʻshalar baxt va baxtsizlik nimaligini bilmaydigan, Alloh ularga tayyorlab qoʻygan azobdan bexabar gʻofillardir.