Uning huzuriga kirganlarida: «Ey Aziz, bizni va ahlimizni zarar tutdi va arzimagan sarmoya keltirdik. Bas, bizga o`lchovni to`liq qilib ber va sadaqa ham ber. Alloh, albatta, sadaqa qiluvchilarni mukofotlaydir», dedilar. Yusuf 12:88 ⧉
Tafsir:
Ogʻa-inilar otalarining gapiga quloq solib, Yusuf va ukasidan xabar olgani yoʻlga chiqdilar. Yusufning oldiga kirishgach, dedilar: "Biz qurgʻoqchlikka giriftor boʻldik va arzimagan mollarni olib keldik. Bizga oldingidek oziq-ovqatni toʻla oʻlchovda qilib ber va bizga sadaqa ham qil. Alloh sadaqa qilguvchilarni mukofotlaydi".