Va Robbing sermag`firat va rahim-shafqat sohibi Zotdir. Agar ularni qilgan kasblariga binoan olganida, azoblarini tezlashtirgan bo`lar edi. Lekin ularga va'da qilingan vaqt bor. U kelganda Undan o`zga panohgoh topmaslar. Al-Kahf 18:58 ⧉
Tafsir:
Paygʻambar alayhissalom oʻzini yolgʻonchiga chiqarayotgan kofirlarning shu dunyoda azoblanishidan umidvor boʻlib qolmasligi uchun Alloh u kishiga shunday dedi: "Ey Paygʻambar, Parvardigoringiz tavba qilgan bandalarining gunohlarini kechiradi. U Zotning rahmati hamma-hamma narsani qamrab olgan. Osiylarning tavba qilib olishlariga fursat berib qoʻygani ham ana shu rahmatidandir. Haqdan yuz oʻgirganlarni jazolashni istaganida ularga shu dunyoning oʻzidayoq azobni tezlashtirgan boʻlardi. Lekin U Zot buni istamadi. U halim va mehribon Zotdir. Tavba qilib olishlariga fursat berdi. Jazoni kechga surdi. Endi shunda ham tavba qilmasalar, ularning kufru isyonlari uchun jazo beriladigan bir kun tayin qilib qoʻyilgan. U kunda Allohdan oʻzga panoh topa olmaslar".