Riboni yeydiganlar (qabrlaridan) faqat shayton urib, jinni bo`lgan kishidek dovdirab turarlar. Bunday bo`lishi ularning, tijorat ham riboga o`xshash-da, deganlari uchundir. Va holbuki, Alloh tijoratni halol, riboni harom qilgan. Kimki Robbidan mav'iza kelganda to`xtasa, avval o`tgani o`ziga va uning ishi Allohning O`ziga havola. Kimki, yana (riboga) qaytsa, ana o`shalar do`zax egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar. Al-Baqarah 2:275 ⧉
Tafsir:
Sudxoʻrlik qilib, qarzga foiz oladiganlar qiyomat kuni qabrlaridan xuddi shayton chalib ketgan odamga oʻxshab, gandiraklab, oʻzini boshqara olmagan holda turadilar. Chunki ular sudxoʻrlikni halol bildilar, u bilan Alloh halol qilib qoʻygan savdo orasini ajrata olmadilar-da, savdo ham, ribo ham bir, ikkisi ham foyda keltiradi, mol-davlatni koʻpaytiradi, dedilar. Alloh ularni rad qilib, bu qiyoslarining noroʻgʻriligini, yolgʻonligini ochiqlab, savdoni halol, riboni esa harom qildi. Zero, savdoda xosu ommaga manfaat bor boʻlsa, riboda zulm, oʻzgalar molini nohaq egallab olish bordir. Kimga Parvardigori tarafidan nasihat kelib, uni ribodan ogohlantirgan boʻlsa va u yoʻlidan qaytib, tavba qilsa, oldingi topgan mol-dunyosi oʻziniki boʻladi. Oldingi ishlari uchun unga gunoh yozilmaydi. Uning kelgusidagi ishi Allohga havola. Kim Alloh tarafidan taqiq qoʻyilganidan keyin ham yana sudxoʻrlik qilsa, doʻzaxga kirish va unda abadiy qolishga loyiq boʻlib qoladi. Doʻzaxda abadiy qolishdan maqsad uzoq muddat nazarda tutilgan boʻlishi ham, yoki riboni halol qilib olganlar haqida aytilgan boʻlishi ham mumkin. Zero, doʻzaxda abadiy qolish kofirlarga xosdir. Tavhid ahli esa unda abadiy qolmaydilar.