Va Alloh senga bergan narsa bilan oxiratni izlagin, bu dunyodagi nasibangni ham unutma. Alloh senga yaxshilik qilganidek, sen ham yaxshilik qil. Yer yuzida buzg`unchilikni izlama. Albatta, Alloh buzg`unchilarni suymas», dedilar. Al-Qasas 28:77 ⧉
Tafsir:
Alloh senga ato etgan mol-davlatni ezgu ishlarga sarflab, oxirat diyoridagi savobingni koʻpaytirib ol. Isrof qilmasdan, kibr-havoga berilmasdan, yeyish, ichish, kiyish kabi shu dunyodan oladigan nasibangni ham unutib qoʻyma. Alloh senga yaxshilik qilganidek, sen ham U Zotning bandalariga yaxshilik qil. Toatni tark etish va masiyatlar qilish bilan yer yuzida buzgʻunchilik qilma. Alloh buzgʻunchilarni yoqtirmaydi, ulardan gʻazablanadi.