Ey odamlar! Batahqiq, sizlarga Robbingizdan haq ila Payg`ambar keldi. Bas, iymon keltiring, o`zingizga yaxshi bo`ladir. Agar kufr keltirsangiz, albatta, osmonlaru yerdagi narsalar Allohnikidir. Va Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir. An-Nisa 4:170 ⧉
Tafsir:
Ey odamlar, Muhammad alayhissalom sizlarga Alloh taolo tarafidan hidoyat va haq dinni olib keldi. Bas, u kishi olib kelgan dinga iymon keltiringlar. Shunda sizlarga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshi boʻladi. Kufr keltirish bilan Allohga hech qanday zarar keltira olmaysizlar. U Zot sizning iymoningizga muhtoj emas. Zero, osmonlaru yerdagi va ular orasidagi hamma-hamma narsa U Zotning mulkidir. Alloh hidoyatga kim haqli ekanini yaxshi biladi va uning yoʻlini qulay qilib qoʻyadi. Kim haqli emasligini ham yaxshi biladi va uning yoʻlini toʻsib, parda tortib qoʻyadi. U aytadigan gapiyu qiladigan ishini, shariatiyu qadarini hikmat bilan qiladigan Zotdir.