Kufrga oshiqayotganlar seni xafa qilmasin. Albatta, ular hargiz Allohga biror zarar yetkaza olmaslar. Alloh ularga oxiratda nasiba qilmaslikni xohlaydir. Ularga ulkan azob bordir. Ali 'Imran 3:176 ⧉
Tafsir:
Ey Paygʻambar alayhissalom, munofiqlarning yoʻldan ozib, kufr sari oshiqayotganlari sizni xafa qilib, gʻam-anduhga solmasin. Chunki ular Allohga hech qanday zarar qila olmaydilar. Allohga iymon keltirish va itoat etishdan bosh tortish bilan ular faqat oʻzlariga zarar qiladilar, xolos. Alloh ularning betavfiqligicha qolishlarini istaydi. Toki, ularga oxirat nematlaridan biron nasiba tegmasin. Ularga doʻzaxda alamli azob bordir.