Sizlarga xotinlaringiz qoldirgan narsaning — agar ularning bolasi bo`lmasa — yarmi tegadi. Agar ularning bolasi bo`lsa, sizga ular qoldirgan narsaning choragi tegadi. Ular qilgan vasiyatni yoki qarzlarini ado etgandan so`ng. Ularga siz qoldirgan narsaning — agar bolangiz bo`lmasa — choragi tegadi. Agar bolangiz bo`lsa, ularga siz qoldirgan narsaning sakkizdan biri tegadi. Siz qilgan vasiyatni yoki qarzingizni ado etgandan so`ng. Agar bir erkak yoki ayol kalola holida meros qoldirsa, uning birodari yoki singlisi bo`lsa, ulardan har biriga oltidan bir tegur. Agar ular bundan ko`p bo`lsalar, uchdan biriga sherikdirlar. Zarar qilmaydigan vasiyatni yoki qarzni ado etgandan so`ng. Bular Allohning vasiyatidir. Va Alloh biluvchi hamda Haliym Zotdir. An-Nisa 4:12 ⧉
Tafsir:
Ey erlar, ayolingiz vafot etsa va uning sizdan yoki boshqa turmushidan boʻlgan farzandi - oʻgʻil yo qizi boʻlmasa, sizga undan qolgan merosning yarmi tegadi. Farzandi boʻlsa, toʻrtdan biri tegadi. Meros uning qarzi va vasiyati ado etilganidan keyin taqsimlanadi. Ey erlar, qaysi turmushingizdan boʻlishidan qati nazar, farzandingiz - oʻgʻil yo qizingiz boʻlmasa, ayolingizga sizdan qolgan merosning toʻrtdan biri tegadi. Farzandingiz boʻlsa, sakkizdan biri tegadi. Meros sizning qarzingiz va vasiyatingiz ado etilganidan keyin taqsimlanadi. Bir erkak yoki ayol vafot etsayu, uning otasi ham, bolasi ham boʻlmasa, onabir aka-ukasi yoki opa-singlisi boʻlsa va u yolgʻiz boʻlsa, unga merosning oltidan biri tegadi. Onabirlar koʻpchilik boʻlsalar, uchdan birni erkagu ayoli teng boʻlishib oladilar. Bu taqsimot mayyitning qarzi va vasiyati ado etilganidan keyin amalga oshiriladi. Vasiyati merosxoʻrlarga zarar qilmasligi shart. Masalan, tarikaning - mayyitdan qolayotgan mulkning uchdan biridan oshib ketmasligi lozim. Bu oyat oʻz ichiga olgan bu hukmlar Alloh zimmangizga yuklagan vojibdir. Alloh dunyoyu oxiratda bandalari uchun nima yaxshi boʻlishini biladigan, azob berishga shoshilmaydigan Bilguvchi va Halimdir.