Va yetimlarga o`z mollarini bering. Nopokni pokka almashtirmang. Ularning mollarini o`zingizning mollaringizga qo`shib yemang. Zero, bu katta gunoh bo`lur. An-Nisa 4:2 ⧉
Tafsir:
Ey vasiylar, norasida yetimlar balogʻatga yetib, oʻzlari toʻgʻri tasarruf qila oladigan boʻlganlaridan keyin mollarini toʻlaligicha beringiz. Halolni haromga almashtirmangiz. Yani, yetimlarning qimmatbaho yaxshi narsalarini olib qolib, oʻrniga oʻz mollaringizdan yomon va koʻrimsizlarini bermangiz. Yetimlarning mollarini oʻzlaringizning mollaringizga qoʻshib olmangiz. Bunday qilish Allohning nazdida katta gunoh boʻladi.