Biz senga ana o`sha qishloqlarning xabarlarini qisqa qilib aytib bermoqdamiz. Batahqiq, ularga Payg`ambarlari ochiq-oydin hujjatlar bilan keldilar. Ammo, ular oldin yolg`onga chiqargan narsalariga iymon keltirmadilar. Alloh shunday qilib kofirlar qalbiga muhr bosdi. Al-A'raf 7:101 ⧉
Tafsir:
Ey Paygʻambar, Biz shu yurtlar, yani, Nuh, Hud, Solih, Lut va Shuayb qavmlarining yurtlari haqida, ularning haqni yolgʻonga chiqarganlariyu sarkashliklari haqida va natijada ular boshiga tushgan falokatu halokat haqida sizga xabar beryapmiz. Toki, undan koʻngil koʻzi ochiqlar ibratlansinlar, nasihatlansinlar. Bu yurtlardagi odamlarga paygʻambarlari oʻzlarining haqligini isbotlab beradigan ochiq hujjatlar keltirdilar. Dastlab haqni rad etib, uni yolgʻonga chiqarganlari tufayli Alloh ularni iymonga hidoyat qilmadi. Alloh paygʻambarlarini yolgʻonga chiqargan bu badbaxtlarning ham, Muhammad alayhissalomni inkor qilgan kofirlarning ham qalblarini muhrlab qoʻydi. Endi ular iymonga yoʻl topa olmaslar.