Sendan nimani nafaqa qilishni so`rarlar. «Nafaqa qilgan yaxshiligingizdan ota-onalarga, yaqin kishilarga, yetimlarga, miskinlarga va vatangadolarga bo`lsin. Qanday yaxshilik qilgan bo`lsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir», deb ayt. Baqara 2:215 ⧉
Tafsir:
Ey Paygʻambar alayhissalom, sahobalaringiz sizdan turli mol-dunyolaridan nimalarni infoq-ehson qilishlari haqida soʻraydilar. Aytingki, har bir qilgan yaxshiligingiz, yani, haloldan topgan boyligingiz ota-onaga, ehtiyojlariga qarab yaqin qarindoshlarga, muhtoj yetimlarga, kunini oʻtkaza olmayotgan nochorlarga, yurti va oilasidan yiroqdagi musofirlarga sarflansin. Ey moʻminlar, ozdir, koʻpdir, nima yaxshilik qilsangizlar, hammasini Alloh koʻrib-bilib turadi, biron narsa Undan yashirin qolmaydi. Yaqinda sizlarni qilgan yaxshiliklaringizga yarasha mukofotlaydi.