Ularni hidoyatga solish sening zimmangda emas. Lekin Alloh kimni xohlasa, hidoyatga boshlar. Nafaqa qilgan yaxshiliklaringiz o`z foydangizga. Qilgan nafaqangiz faqat Allohning yuzini istash uchundir. Nafaqa qilgan yaxshiliklaringiz o`zingizga to`laligicha qaytarilur. Sizlarga zulm qilinmas. Al-Baqarah 2:272 ⧉
Tafsir:
Ey Paygʻambar alayhissalom, ularni hidoyatga boshlash, haqiqatni tan oldirish va unga ergashtirish sizning zimmangizdagi burchingiz emas. Sizning vazifangiz haqiqatni tanishtirish va unga yoʻllab qoʻyish, xolos. Tavfiq va hidoyat Allohning qoʻlidadir. U Zot Oʻzi istagan odamni hidoyat qiladi. Qanday yaxshilikni infoq-ehson qilsangizlar, hammasi oʻzingizning foydangiz uchundir. Chunki Alloh sizning ehsoningizga muhtoj emas. Qilayotgan ehsoninglar xolis Alloh uchun boʻlsin. Zero, haqiqiy moʻminlar yolgʻiz Allohning roziligini istab infoq-ehson qiladilar. Ozmi, koʻpmi, qilgan ehsoninglarning savobini toʻla-toʻkis olasizlar. Chunki Alloh hech kimga zulm qilmaydi.