Namozni ado etganingizdan so`ng, Allohni turgan, o`tirgan va yonboshlagan holingizda eslang. Xotirjam bo`lganingizda namozni to`liq ado eting. Albatta, namoz mo`minlarga vaqtida farz qilingandir. An-Nisa 4:103 ⧉
Tafsir:
Ey moʻminlar, namozdan boʻshaganingizdan keyin Allohni hamma holatda - turganingizda ham, oʻtirganingizda ham, yonboshlaganingizda ham tasbeh, tahlil, hamd aytib eslangiz. Xavf bartaraf boʻlib, tinch-xotirjam boʻlgan paytingizda namozni hamma ruknlari, vojiblariyu sunnatlari bilan toʻkis ado etingiz. Namoz moʻminlarga muayyan vaqtda bajarilishi vojib boʻlgan farzdir. Uzr boʻlmasa, muqimlikda uni kechiktirish joiz emas. Musofirlikda esa ikki namozni jam - bir qilib oʻqish ham, qasr - qisqa qilib oʻqish ham joiz.